AQSH grin-karta lotereyasida ishtirok uchun $1 miqdorida to‘lovni joriy etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Davlat departamenti yillik immigratsiya vizalari lotereyasi (DV Lottery), mashhur «grin-karta lotereyasi»da ishtirok etish uchun yangi elektron to‘lovni – $1 miqdorida joriy etmoqda. Bu dastur tarixida ishtirok uchun to‘lov miqdoridagi ilk o‘zgarish hisoblanadi.
Yangi to‘lov elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini qo‘llab-quvvatlash va uning xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq operatsion xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilgan. Ushbu xarajatlar tizim yangilanishi, maʼlumotlarni saqlash va g‘oliblarni avtomatik tanlab olish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Ilgari bu xarajatlar faqat g‘oliblar tomonidan to‘lanadigan $330lik viza to‘lovi hisobiga qoplanardi.
2025 yil 16 oktyabrdan boshlab, ishtirokchilar arizani topshirish vaqtida AQSH Davlat departamentining rasmiy portali orqali $1 to‘lovni amalga oshirishlari kerak bo‘ladi. Ro‘yxatdan o‘tish faqat rasmiy hukumat sayti orqali amalga oshiriladi.
Davlat departamenti ogohlantiradi: telefon orqali, pochta yoki elektron pochta orqali yuborilgan g‘alaba haqidagi har qanday xabarlar firibgarlik hisoblanadi. Rasmiy natijalar faqat dasturning Entrant Status Check xizmati orqali tekshirilishi mumkin.
Har yili 55 000 viza o‘yinga qo‘yiladi, ammo arizalar soni bu raqamdan ancha ko‘p. Masalan, DV-2023 lotereyasida 9,5 milliondan ortiq kishi ishtirok etgan va shularning taxminan 119 ming nafariga viza olish uchun ariza topshirish imkoniyati berilgan.