AQSH 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan keladigan barcha import mahsulotlariga 25 foiz boj to‘lovi joriy qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 7 iyul kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayevga rasmiy maktub yo‘llab, joriy yilning 1 avgustidan boshlab Qozog‘istondan AQSHga olib kiriladigan barcha tovarlarga 25 foizlik boj to‘lovi joriy etilishini maʼlum qildi. Bu haqda Tengrinews.kz nashri Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi eʼloniga tayanib xabar berdi.
Oq uy rahbari eʼlon qilgan maktub matnida, boj to‘lovi mavjud soha yoki sektorlarga tegishli alohida tariflardan qatʼi nazar, Qozog‘istondan keladigan barcha tovarlarga taalluqli bo‘lishi qayd etilgan.
«Sizga ushbu maktubni yo‘llash men uchun katta sharaf. Bu bizning mustahkam savdo aloqalarimizni namoyon etadi hamda shundan dalolat beradiki, AQSH Qozog‘iston bilan hamkorlik qilishga hali ham tayyor, har qancha katta savdo defitsitiga qaramasdan», — deyiladi maktubda.
Tramp taʼkidlashicha, AQSH va Qozog‘iston savdo sohasidagi mavjud muammolarni bir necha yillar davomida muhokama qilish imkoniga ega bo‘lgan, ammo endi Vashington savdo balansidagi barqaror manfiy ko‘rsatkichlarga qarshi chora ko‘rishni zarur, deb hisoblamoqda.
AQSH prezidenti taʼkidladi, ushbu boj to‘lovi faqat AQSH hududida ishlab chiqarish faoliyati olib borayotgan kompaniyalarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, Qozog‘iston tomoni javob tarifi joriy qilgan taqdirda, uning miqdori ham mavjud 25 foizlik stavkaga qo‘shib hisoblanishi maʼlum qilindi.
«Iltimos, tushunib yetishingizni so‘rayman: bu choralar mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish uchun zarur. Savdo muvozanatining buzilishi nafaqat iqtisodiyotimizga, balki milliy xavfsizligimizga ham jiddiy tahdid soladi», — dedi Donald Tramp.