Valyuta kurslari 01/07/2025
$1 – 12694.97
UZS – 0,32%
€1 – 14878.50
UZS – 0,41%
₽1 – 161.60
UZS – 0,26%
Qidirish
O‘zbekiston 05/04/2025 Antoniu Koshta: Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari haqida

Antoniu Koshta: Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari haqida

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi birinchi sammitda Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta mintaqa va Yevropa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini taʼkidlab, strategik hamkorlik kelajagini belgilab beradigan asosiy masalalar yuzasidan fikr bildirdi.

O‘z nutqida u O‘zbekistonga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda Samarqand kabi qadimiy shaharning ko‘p asrlik madaniy muloqotlar ramzi sifatidagi ahamiyatini eʼtirof etdi.

Koshta taʼkidlashicha, joriy yil Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning beshta davlati o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Bu esa o‘tgan yillar davomida shakllangan chuqur aloqalarni tan olish va yana-da rivojlantirish vaqtidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyo savdo bilangina emas, balki uzoq tarixga ega bo‘lgan ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlar orqali ham bog‘langan.

Antoniu Koshta nutqida global muammolar — iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini boshqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Ushbu sohalarda hamkorlikda ishlash barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun juda muhim ekanini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan, u Samarqandda o‘tkazilgan iqlim forumini mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam sifatida qayd etdi.

Koshta, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mintaqaga eng yirik investorlardan biri va ikkinchi katta savdo hamkori ekanini taʼkidladi. Biroq, u munosabatlar hali o‘z salohiyatiga to‘liq yetmaganini, Samarqand sammiti esa bu yo‘lda real va dinamik hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishini bildirdi.

Uning nutqidagi yana bir muhim mavzu — xavfsizlik masalasi bo‘ldi. U xavfsizlikka tahdidlar endi transmilliy tus olib, barcha mintaqalarga taʼsir ko‘rsatayotganini taʼkidladi. Koshta ushbu tahdidlarga qarshi kurashish uchun ikki tomonlama, mintaqaviy va ko‘p tomonlama darajada saʼy-harakatlar zarurligini bildirdi.

U terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish masalalaridagi muloqotni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlashini taʼkidladi. Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegara masalasi bo‘yicha erishilgan yaqindagi kelishuv butun mintaqa uchun muhim qadam ekanini qayd etdi.

Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Koshta bu mamlakatdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan tahdidlar — terrorizm, giyohvand moddalar savdosi va zo‘ravon ekstremizm xavflarini taʼkidlab o‘tdi. U Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqining ushbu xavflarga qarshi birgalikda harakat qilishi muhimligini bildirdi.

Global xavfsizlikka tahdidlar mavzusini davom ettirar ekan, Yevropa Kengashi rahbari Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi bugungi kundagi eng jiddiy tahdidlardan biri ekanini, bu faqat Yevropa va Ukrainani emas, balki butun xalqaro tartibni ham xavf ostiga qo‘yayotganini bildirdi. U Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va bu jarayonga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

Antoniu Koshta nutqining yakunida, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning kelajagi borasida optimizm bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sammit ishonch va hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. «Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon bunchalik kuchli bo‘lmagan. Endi esa olg‘a intilib, strategik hamkorlikning yangi sahifalarini yozish vaqti keldi», — dedi u.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling