Andijonda yangi avloddagi elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijonda jamoat transporti tizimida yangi davr boshlandi. Aholiga qulay va ekologik toza transport xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan “SAMBELL” rusumidagi zamonaviy elektrobuslar viloyatimizga olib kelinib, bosqichma-bosqich shahar yo‘nalishlariga joylashtirilmoqda.
Bugun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yangi qurilgan elektrobuslar parkida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, elektrobuslar shahar ko‘chalarida belgilangan yo‘nalishlarda ilk harakatlarini boshladi.
Mazkur elektrobuslar “And eko transport” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoyning nufuzli kompaniyasidan 100 dona miqdorida xarid qilingan bo‘lib, bu — mamlakatimizda ilk bor xususiy tadbirkor tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik transport loyihasi hisoblanadi.
Elektrobuslarning asosiy afzalligi — ularning ekologik tozaligi va iqtisodiy samaradorligidir. Ushbu transport vositalari atmosferaga zararli moddalar chiqarmaydi, yoqilg‘i sarfi talab etilmaydi hamda harakat vaqtida shovqin darajasi past bo‘ladi.
Eng muhimi, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan: zamonaviy konditsioner tizimi, keng salon, xavfsiz harakatni taʼminlovchi elektron boshqaruv tizimlari va kuzatuv kameralari bilan jihozlangan.
Viloyatda yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu ekologik transport tizimi nafaqat shahar aholisi uchun qulaylik yaratadi, balki atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.