Andijonda qalbaki dori vositalari laboratoriyalari fosh etildi
Andijonda qalbaki dori vositalari laboratoriyalari fosh etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy saqlanayotgani fosh qilindi.
Xususan, DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahri hamda Asaka tumanida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro o‘z yashash xonadonlarida qalbaki va sifati kafolatlanmagan tibbiy dori vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Tekshiruvlar davomida ushbu manzillarda maxsus jihozlangan noqonuniy laboratoriyalar borligi maʼlum bo‘ldi va umumiy qiymati 1,1 mlrd so‘mlik, jami 122 turdagi, 60 ming donadan ortiq tibbiy dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur mahsulotlar Qirg‘iz Respublikasidan noqonuniy ravishda olib kirilgan bo‘lib, ularning bir qismi yarim tayyor, yana bir qismi esa qayta ishlangan holatda bo‘lgan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu dori vositalari inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.