Andijonda mansabdor shaxs 15 000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati Marhamat tumani hokimi o‘rinbosari mansab mavqeidan foydalanib, tuman hududidan o‘tgan katta yo‘l bo‘yida 400 metr uzunlikdagi zovurni yopiq tizimga o‘tkazgan holda, buning hisobiga yuzaga keladigan 60 sotix yer maydonida har biri 30 kv/m bo‘lgan jami 8 ta savdo do‘koni qurish uchun yer ajratish va tegishli hujjatlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 15 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 200 AQSH dollari oladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari qolgan 14800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari va 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘luvchi, ijtimoiy hayot barqarorligiga tahdid soluvchi korrupsiya illatiga qarshi murosasiz kurashish har birimizning fuqarolik burchimizdir. Ogoh bo‘ling, ayrim shaxslarning kirdikorlariga sherik bo‘lib qolmang. Zero, xalqimizda “so‘nggi pushaymon o‘zingga dushman” deb bejiz aytilmagan.