Andijonda Huawei bilan hamkorlikda “aqlli hududlar” yaratiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Xitoyning Huawei Technologies kompaniyasi Vitse-prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida shahar va tuman hokimlarining raqamlashtirish hamda sunʼiy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga munosib kadrlarni tanlab olish, shuningdek, Huawei kompaniyasining raqamli transformatsiya sohasidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda viloyatda hukumat xizmatlarini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda Andijon shahrini “aqlli shahar”ga aylantirish bo‘yicha maxsus loyihalarni ishlab chiqish rejalashtirildi.
Shuningdek, Huawei kompaniyasining texnologik yechimlaridan foydalangan holda Andijon viloyatida “aqlli hududlar”ni barpo etish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kelishuvga ko‘ra, mazkur loyihalar yaqin kelajakda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Huawei Technologies – global telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida yetakchi kompaniya bo‘lib, davlat idoralari va yirik tashkilotlarga raqamli transformatsiya jarayonlarini samarali amalga oshirishda ko‘maklashib kelmoqda.