Andijon viloyatida giyohvand moddalar laboratoriyasi tugatildi
Andijon viloyatida giyohvand moddalar laboratoriyasi tugatildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona hamda Ichki ishlar organlari hamkorligida Asaka tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, mazkur tumanda yashovchi, 1988 y.t. shaxsning yonida bo‘lgan
1 dona nomsiz sprey idishdagi nomaʼlum suyuqlik va 2 dona nomsiz dori vositalari vaqtincha saqlovga olindi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, Xo‘jaobod tumanidagi unga tegishli xonadon ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzilda narkolaboratoriya tashkil etilganligi maʼlum bo‘ldi.
Narkolaboratoriyadan sprey idishlarda bo‘lgan nomsiz suyuqliklar, oq rangli kukunsimon moddalar, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda narkotiklar tayyorlashda kerak bo‘ladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar “Alfa PVP” sintetik giyohvandlik vositasi hamda “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi hisoblanadi.
Hozirda narkolaboratoriya egasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.