Andijon va Hunan Jianhongda Industrial Group qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Changsha shahrida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Safar doirasida “Hunan Jianhongda Industrial Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida avtomatlashtirish va muhandislik xizmatlari, xizmat ko‘rsatish sohasida hamkorlik qilish hamda o‘zaro faoliyatni kengaytirish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Andijon viloyatining energetika va kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishga doir yangi imkoniyatlar muhokama etildi.
Hamkorlik doirasida quyosh energiyasidan samarali foydalanish, zamonaviy kommunikatsiya tizimlarini joriy etish orqali viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
“Hunan Jianhongda Industrial Group” – yuqori sifatli mahsulotlar, innovatsion texnologiyalar va muhandislik sohasidagi tajribasi bilan xalqaro bozorda nufuzga ega kompaniya hisoblanadi.
Korxona yuqori ishlab chiqarish standartlari va avtomatlashtirish tizimlarini rivojlantirish orqali sanoatning ko‘plab tarmoqlarida faoliyat yuritib kelmoqda.