Andijon va AQSH ilm-fan hamda taʼlim sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya ishchi tashrif bilan AQSHda bo‘lib turibdi.
Safarning asosiy maqsadi — hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, taʼlim va fan sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Tashrif doirasida delegatsiya AQSHning Virginia Commonwealth, Ball va Syracuse, universitetlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazib, akademik almashinuv, ilmiy hamkorlik va qo‘shma taʼlim dasturlari bo‘yicha kelishuvlar imzoladi.
Bundan tashqari, UGL va «UMT Global» logistika kompaniyalari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi va malaka oshirilgan kadrlar tayyorlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Microsoft kompaniyasining yetakchi dasturiy taʼminot muhandisi Zafar Ahmedov bilan uchrashuvda esa hududdan yetishib chiqqan yosh mutaxassislarni kompaniyaga ishga joylashtirish imkoniyatlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu tashrif Andijon viloyatining taʼlim, iqtisodiyot, logistika, axborot texnologiyalari va innovatsiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.