Andijon va Afg'oniston savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Andijon va Afg'oniston savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan qator uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, bugun viloyat rahbari Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Mavlaviy Atoulloh Omari bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat sanoati hamda qurilish materiallari kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish, savdo hajmini oshirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Muzokaralarda, ayniqsa, Andijon viloyatidan jo‘ja va paranda go‘shti, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga keng joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Afg‘onistondan go‘sht mahsulotlarini import qilish hamda samarali logistika zanjirlarini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish va iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.