Andijon davlat tibbiyot instituti Hindistonning Era University universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon davlat tibbiyot institutiga Hindistonning Era universiteti vakillari tashrif buyurdi.
Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida taʼlim jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, o‘qitishdagi ilg‘or xorijiy tajribalarni faoliyatga tatbiq etish, jahon reytingida yuqori o‘rinlarda turuvchi oliy o‘quv yurtlari bilan ilmiy hamkorlikni yo‘lga va mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Andijon davlat tibbiyot institutida ham bu borada qator xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Hindistonning Uttar-Pradesh shtati markazi Lakxnau shahrida joylashgan Era universiteti bosh direktori Ali Kxan rahbarligida universitet vakillari Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Hindistonlik mehmonlar o‘zbekona lutf bilan kutib olindi.
Dastlab Era universitetining taqdimoti bilan tanishildi.
So‘ng Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madaminjon Madazimov, Era universiteti bosh direktori Ali Kxan, tibbiyot fakulteti dekani Muhammad Faridi ishtirokida ikki oliy o‘quv yurti vakillari o‘rtasida mutaxassis va talabalar almashinuvi, simulyatsion taʼlim, qo‘shma loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Yakunda ikki oliy taʼlim muassasasi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shartnomaga asosan institut professor-o‘qituvchilari, talabalari Hindistondagi klinikalarda malaka oshiradigan bo‘ldi.
Shundan so‘ng mehmonlar Andijon davlat tibbiyot instituti faoliyati, institut klinikasi va simulyatsion markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.