Anadolu Group Oʻzbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda
Anadolu Group Oʻzbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori “Anadolu Group” xoldingi tarkibiga kiruvchi yirik kompaniyalar — Anadolu Isuzu, Anadolu Efes hamda Coca-Cola İçecek Uzbekistan vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan joriy investitsiya loyihalarining holati, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda yangi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, davlat tomonidan koʻrsatilayotgan institutsional va amaliy koʻmak, shuningdek, investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashdi. Shu bilan birga, yirik xorijiy investorlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, maʼmuriy jarayonlarni soddalashtirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq yoʻnalishlar belgilab olindi.
“Anadolu Group” vakillari soʻnggi qariyb 5 yil mobaynida Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 600 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritilganini taʼkidlab, ushbu mablagʻlar sanoatni modernizatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish hamda eksport salohiyatini oshirishga yoʻnaltirilganligini mamnuniyat bilan qayd etib oʻtti.
Uchrashuv davomida xolding tomonidan kelgusida ham Oʻzbekistondagi faoliyatni yanada kengaytirish, investitsiya hajmini oshirish va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsad qilingani bildirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini tizimli qoʻllab-quvvatlash, davlat aktivlarini ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillari asosida xususiylashtirish orqali iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini izchil kengaytirish, shuningdek, strategik investorlar bilan uzoq muddatli, barqaror va oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri ekanligi alohida taʼkidlandi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xalqaro biznes hamjamiyati bilan ochiq va samarali muloqotni izchil davom ettirish borasidagi saʼy-harakatlarning amaliy ifodasi boʻldi.