Amerika jurnali O‘zbekiston tog‘larida Ipak yo‘lining yo‘qolgan shahri topilganini ma’lum qildi
Amerika jurnali O‘zbekiston tog‘larida Ipak yo‘lining yo‘qolgan shahri topilganini ma’lum qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va amerikalik hamkorlar tomonidan Tug'onbuloqda olib borilayotgan arxeologik izlanishlar to’g’risida AQSH Smithsonian Magazine jurnali katta maqola nashr etildi.
Maqolada qayd etilishicha, Tug‘onbuloq arxeologik yodgorligi VI–XI asrlarda mavjud bo‘lgan shahar bo‘lib, tadqiqotchilar uni tarixiy manbalarda tilga olingan, ammo topilmagan Marsmanda shahri deb taxmin qilinmoqda. O‘zbekistonning baland tog‘larida olib borilgan qazishmalar Ipak yo‘li tarixini qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘lishi mumkin.
Arxeologlar dengiz sathidan 7 ming fut (2000 metr) balandlikdagi hududda mustahkam devorlar bilan o‘ralgan, 300 akrlik (120 ga) temir ishlab chiqaruvchi yirik markaz izlarini topdilar. Bu joy hozir faqat chorvadorlar kelib-ketadigan yaylov bo‘lsa-da, ming yil avval bu yerda temir eritish, qurol-aslaha va asboblar ishlab chiqaruvchi rivojlangan shahar bo‘lgan.
Topilmalar orasida temirga boy jinslar, metall ustaxonalari, uy-joy qoldiqlari, sopol idishlar, shisha munchoqlar, kumush taqinchoqlar, to‘quv anjomlari uchragan. Shuningdek, undan 5 km uzoqlikdagi Toshbuloq yodgorligidan 650 dan ortiq qabrdan iborat yirik o‘rta asr qabristoni ham aniqlangan. Dafn marosimlari musulmon an'analari asosida amalga oshirilgan bo‘lib, bu islomning tog‘li hududlarga erta kirib kelganidan dalolat beradi.
Olimlar fikricha, Tug’onbuloq shahri VIII–XI asrlarda gullab-yashnagan, yozda chorvadorlar bu yerga savdo-sotiq uchun kelgan, shahar esa pasttekislikdagi Samarqand yoki boshqa bozor markazlari bilan bog‘langan. Temir ishlab chiqarish esa shahar iqtisodiyotining asosi bo‘lgan.
Qazishmalar Ipak yo‘li faqat katta shaharlar orqali emas, balki baland tog‘li hududlar orqali ham faol o‘tganini ko‘rsatmoqda. Bu esa ko‘chmanchi chorvadorlarning Ipak yo‘lidagi roli avval o‘ylanganidan ancha katta bo‘lganini tasdiqlaydi.