"AME" kompaniyasi Qo‘qon shahrida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "AME" kompaniyasi Qo‘qon shahrida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini barpo etadi Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Vodildagi "Qabullar uyi"da Avstriyaning “AME International” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Uchrashuvda Qo‘qon shahrida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish loyihasi muhokama qilindi.
Viloyat rahbari mamlakatimizda inson salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib, bu borada xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini ta‘kidladi. Qo‘qon shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Dastlabki bosqichda 15 million AQSh dollari miqdoridagi investisiya jalb etilishi rejalashtirilgan. Uchrashuv yakunida Qo‘qon shahrida pediatriya va onkologiya yo‘nalishlari bo‘yicha bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish borasida memorandum imzolandi.
Ta‘kidlash joizki, AME sog‘liqni saqlash sohasida innovasion infratuzilmalar yaratishda katta tajribaga ega kompaniya hisoblanadi. U yuqori darajali tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shifoxonalarni to‘liq holda qurish, zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash hamda sog‘liqni saqlash tizimi uchun raqamli echimlarni ishlab chiqishda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.