Allegro farmatsevtika klasterida biotexnologiya loyihalarini rejalashtirmoqda
Allegro farmatsevtika klasterida biotexnologiya loyihalarini rejalashtirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 24 noyabr kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Belgiyaning “Allegro” biotexnologiya kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistonda biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot (R&D) faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalari, shuningdek, mavjud R&D loyihalarini mamlakatimizga ko‘chirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniya osteoartritni davolash uchun mo‘ljallangan inyeksion gidrogelning yangi ishlanmasi ustida olib borayotgan innovatsion tadqiqotlari haqida maʼlumot berdi.
Suhbat davomida “Allegro” kompaniyasiga “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri doirasida taqdim etilgan huquqiy, institutsional va moliyaviy imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Muzokaralar yakunida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Allegro” biotexnologiya kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat kelgusidagi biotexnologik qo‘shma tashabbuslar va loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.