Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Eron Ekspertlar kengashi AQSH va Isroil zarbalari natijasida halok bo‘lgan Oyatullo Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtabo Xomanaiy Islom Respublikasining uchinchi oliy rahbari etib saylanganini tasdiqladi. Bu haqda Tasnim agentligi Kengashning rasmiy bayonotiga tayanib xabar berdi.
«Bugungi yig‘ilishda Ekspertlar kengashining hurmatli vakillari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qarorga asosan Oyatullo Sayyid Mojtabo Xomanaiy (Alloh uni asrasin) Eronning oliy rahbari sifatida taqdim etiladi», — deyiladi bayonotda.
Kecha kechqurun Ekspertlar kengashi aʼzosi Oyatullo Husayniy Eshkvariy Reuters agentligiga bergan intervyusida yangi oliy rahbar Xomanaiy familiyasiga ega shaxs bo‘lishini tasdiqlagan edi. Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Lorijoniy esa Xomanaiyning o‘g‘li AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Ekspertlar kengashi yig‘ilishiga zarba berish tahdidlariga qaramasdan saylanganini taʼkidladi.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi Mojtabo Xomanaiyga sadoqat bilan qasamyod qildi va uning ko‘rsatmalariga amal qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Eronning avvalgi oliy rahbari Ali Xomanaiy AQSH va Isroilning harbiy operatsiyasining birinchi kuni — 28 fevralda o‘ldirilganidan so‘ng mamlakatda 40 kunlik motam eʼlon qilingan. Hozircha respublika boshqaruvi vaqtinchalik rahbarlar kengashi tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning tarkibiga prezident Masʼud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulom-Husayn Mohseniy Ejeiy va Konstitutsiya muhofizlari kengashi aʼzosi Alirezo Arofiy kirgan.