ALFA-BANK O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati bilan hamkorlikka qiziqish bildirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda Rossiya Federatsiyasining “ALFA-BANK” banki Tashqi iqtisodiy faoliyat direksiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida charm-poyabzal sohasida olib borilayotgan islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay muhit, imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuvda “ALFA-BANK” vakillari bugungi kunda bankning 1,5 millionga yaqin mijozlari mavjudligini, shulardan qariyb 5 ming nafari charm-poyabzal va mo‘yna yo‘nalishida faoliyat yuritayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Rossiya bozorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qiziqish ortib borayotgani qayd etildi.
Bank tomoni investorlarni jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bojxona, sertifikatlashtirish va logistika masalalarida amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida “ALFA-BANK” delegatsiyasi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “UzCharmExpo Eurasia – 2025” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish niyatini bildirdi.