Valyuta kurslari 19/08/2025
$1 – 12497.19
UZS – -0,4%
€1 – 14597.97
UZS – -0,46%
₽1 – 155.71
UZS – -0,83%
Qidirish
O‘zbekiston 19/08/2025 Akmal Saidov Xitoy delegatsiyasi rahbari bilan uchrashdi

Akmal Saidov Xitoy delegatsiyasi rahbari bilan uchrashdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 19 avgust kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 14-chaqiriq Umumxitoy qo‘mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy aʼzosi, Milliy va diniy ishlar bo‘yicha komissiya boshlig‘ining o‘rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Szyan Szyango bilan uchrashdi. Uchrashuv XXR delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida Xitoy delegatsiyasi aʼzolariga O‘zbekistonning milliy qonunchiligi va inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi asosiy o‘zgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqilgani, bu borada milliy harakatlar rejalari va strategiyalarni tayyorlash hamda amalga oshirish borasida tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi.

O‘z navbatida, Xitoyda amalga oshirilgan izchil islohotlar va ochiqlik siyosati natijasida oliy qadriyat hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim natijalarga erishilgani qayd etildi. Bunda davlat tizimining dasturilamal g‘oyalari, asosiy faoliyati va vazifalari xalqning o‘zini o‘zi boshqarish, vatanparvarlik, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash tamoyillariga yo‘naltirilgani alohida ahamiyat kasb etadi.

Xitoyning inson huquqlariga yondashuvi Xitoy Kommunistik partiyasi mafkurasi va siyosatini rivojlantirishni yorqin ifoda etadi. Xitoy inson huquqlarining ham umumbashariyligini, ham o‘ziga xosligini tan oladi. Odamlarning turmush darajasini yaxshilash sharoitlarida Xitoy demokratiyani rivojlantirish, tinchlikni saqlash, taraqqiyot jarayonida inson huquqlarini himoya qilishni rag‘batlantirish hamda inson huquqlarini xalqaro himoya qilishning dasturlarini kengaytirish tarafdoridir.

Szyan Szyango O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan taraqqiyotini yuqori baholar ekan, bu boradagi shiddatli va qamrovdor islohotlarni – beqiyos yangilanishlar, deb taʼrifladi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani eʼtirof etildi.

Bu boradagi natijador qadamlar, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hamkorlikda ishlab chiqqan "Sivilizatsiyalararo muloqot xalqaro kuni" nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinganiga alohida eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston bilan Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish maqsadida bir qator aniq rejalar, xususan:

·       inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar va harakatlar rejalarini amalga oshirishga yondashuvlarni o‘rganish;

·       inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan raqamli makonda huquqlarni himoya qilish va qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqni taʼminlash kabi zamonaviy tahdidlar bo‘yicha muntazam qo‘shma seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.

Tomonlar ushbu kelishuvlarning amalga oshirilishi ikki tomonlama muloqotni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashinuvini taʼminlash va har ikki davlatda inson huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.

Uchrashuvda XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Xitoy delegatsiyasi aʼzolari, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri Erkin Ernazarov va boshqalar ishtirok etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling