Akmal Raimov TBC Uzbekistan CSR loyihalarini boshqaradi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Akmal Raimov TBC Uzbekistan jamoasiga korporativ ijtimoiy mas’uliyat (CSR) loyihalari menejeri sifatida qo‘shildi.
U bunga qadar O‘zbekistondagi Dodo Pizza xalqaro pitseriya tarmog‘ini boshqargan, shaxsiy loyihalarni rivojlantirgan hamda raqamli agentlikda biznes yuritgan. Endilikda Akmal o‘z e’tiborini jamiyatga foydali ta’sir ko‘rsatishga — texnologiyalar yordamida kundalik hayotni yaxshilashga qaratmoqda.
“Bir necha yillik tadbirkorlik tajribasidan so‘ng tushundimki, men yanada kengroq miqyosda ishlashni istayman. Men nafaqat jarayonlarga ta’sir qilish, balki har kuni kuchli mutaxassislardan, katta ma’lumotlar asosida va haqiqiy ijtimoiy loyihalar orqali o‘rganish imkonini beradigan jamoada ishlashni xohlayman.
Men biznes jamiyat uchun foydali bo‘lishiga ishonaman. Ayni shu sababli haqiqiy o‘zgarishlarga olib keladigan yo‘nalishlarga — moliyaviy savodxonlikni oshirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, ekologik va ta’lim tashabbuslariga diqqat qaratmoqchiman.
TBC Uzbekistan’da bunday g‘oyalarni nazariy jihatdan emas, balki amalda ro‘yobga chiqarish mumkin. Bu yerda faqat raqamlar emas, balki biznesning odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani ham muhim”, — deydi Akmal.