Airbus 2025 yilda 793 ta tijorat samolyotini yetkazib berdi, buyurtmalar portfeli rekord darajaga yetdi
Airbus 2025 yilda 793 ta tijorat samolyotini yetkazib berdi, buyurtmalar portfeli rekord darajaga yetdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilda Airbus kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab 91 ta buyurtmachiga 793 ta tijorat samolyotini yetkazib berdi, bu 2024 yil ko‘rsatkichidan 4 foizga ko‘p. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
Yil davomida 57 ta mijozdan jami 1 000 ta yalpi buyurtma (889 ta sof buyurtma) ro‘yxatga olindi, ular qatorida 49 ta A220, 656 ta A320, 100 ta A330neo, ikkita A330 MRTT va 193 ta A350 samolyoti bor.
2025 yil oxiriga kelib Airbus‘ning umumiy buyurtmalar portfeli rekord darajaga — 8 754 ta samolyotga yetdi, shu jumladan 1 124 tasi keng fyuzelyajli samolyotlardan iborat bo‘lib, bu kompaniya mahsulotlariga bo‘lgan global talabning yuqoriligini aks ettiradi. Book-to-bill ko‘rsatkichi yana bir bor birdan yuqori bo‘lib qoldi, bu buyurtmalar va yetkazib berish hajmlarining muvozanatli ekanini tasdiqlaydi.
Yil davomida kompaniya strategik jihatdan muhim yetkazib berishlarni amalga oshirdi, shuningdek A220, A321XLR, A330neo va A350-1000 samolyotlarining yangi ekspluatantlari dunyoning turli mintaqalarida paydo bo‘ldi. Airbus mavjud mijozlardan takroriy buyurtmalarni ham, shu bilan birga tor fyuzelyajli va keng fyuzelyajli samolyotlar segmentlarida yangi shartnomalarni ham qo‘lga kiritdi.
2025 yilda A220 oilasiga mansub 93 ta samolyot yetkazib berildi (2024 yilda — 75 ta, 2023 yilda — 68 ta), A320 — 607 ta (mos ravishda 602 va 571), A330 — 36 ta samolyot (32 va 32), A350 — 57 ta (57 va 64).
Airbus taʼkidlashicha, yetkazib berishlar hajmining o‘sishi va buyurtmalar portfelining rekord darajaga chiqishi aviakompaniyalarning uning mahsulotlariga bo‘lgan barqaror qiziqishini hamda kompaniyaning murakkab va o‘zgaruvchan operatsion muhitga moslasha olish qobiliyatini namoyon etadi.