Aholi oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–322-son, 31.10.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ozuqabop
va moyli ekinlarni yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada 12 oy muddatga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
2025 yil 1 noyabrdan 2030 yil 31 dekabrgacha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan belgilangan yo‘nalish va shartlar bo‘yicha tadbirkorlarga quyidagilar qoplab beriladi:
Markaziy bank asosiy stavkasining 2 barobaridan oshmagan miqdorda milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz banddan yuqori, biroq 10 foiz bandgacha bo‘lgan qismi;
xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 8 foizdan yuqori, biroq 4 foiz bandgacha bo‘lgan qismi.
2026 yil 1 yanvardan ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchi subyektlarga mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foiz qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.