Valyuta kurslari 26/06/2025
$1 – 12531.78
UZS – 0,61%
€1 – 14538.12
UZS – 0,53%
₽1 – 159.82
UZS – 0,92%
Qidirish
O‘zbekiston 27/03/2025 Aholi muammolari o‘z yechimini topmoqda

Aholi muammolari o‘z yechimini topmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda masʼul tashkilot va idora rahbarlaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi poytaxt hududlarida aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarni hal etish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish kabi yo‘nalishlardagi ishlarga ko‘maklashish maqsadida o‘z faoliyatini Toshkentda davom ettirdi.

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh tomonidan Toshkent shahar masʼullariga aholi muammolarini o‘rganish, sayyor qabullar tashkil qilish, ularda aniqlangan muammolar bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yechim topish kabi vazifalarni bajarishda qator ishlar amalga oshirildi.     

Jumladan, poytaxt aholisi bilan o‘tkazilgan muloqotlar, aniqlangan muammolarning yechimi bo‘yicha ko‘rilgan choralarning natijadorligini o‘rganish, yechimini kutayotgan  muammolarni  hal  etish maqsadida Respublika ishchi guruhi va tuman hokimlari ishtirokida og‘ir toifadagi mahallalarda 30 dan ziyod sayyor qabullar o‘tkazilib, ularda 300 dan ziyod jamoaviy masalalar ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 182 tasi ijobiy hal etildi, muayyan vaqt va mablag‘ talab etadigan 115 ta masalaning ijrosi nazoratga olindi.

Misol uchun, 10 ta og‘ir mahallaning elektr taʼminotini yaxshilash loyihalarining manzilli ro‘yxati shakllantirildi va tasdiqlash uchun Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga kiritilishi taʼminlandi.

Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Bektemir va Sergeli tumanlaridagi mahallalarda 12,6 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 19 ta transformatorlar o‘rnatiladi va 47 km elektr tarmoqlari tortiladi.

Mazkur ro‘yxat asosida ishlarni boshlash uchun respublika byudjetidan Toshkent shahar mahalliy byudjetga 3,8 mlrd. so‘m mablag‘lar o‘tkazib berilishi taʼminlandi.

Shuningdek, Yashnobod tumanidagi “Hilol” mahallasida, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Ijodkor” mahallasida, Sergeli tumanidagi “Ziyolilar” mahallasida ichimlik suv tarmog‘i tortildi.

Poytaxt bo‘ylab 800 kmdan ziyod lotok, ariq va zovurlari chiqindilardan tozalanib, 20 kmga yaqin qismi betonlashtirildi, 1,7 mingga yaqin ko‘chalar chiqindilardan tozalandi. Yuzdan ziyod qabriston va ziyoratgohlar obod qilindi.

Misol uchun, Yashnabod tumani “Maʼrifat” MFY hududidagi ko‘p qavatli uylarning atrofidagi lotoklar tozalandi.

Chilonzor tumani tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan, “Bunyodkor”, “Lutfiy”, “So‘galli ota” va boshqa ko‘chalardagi irrigatsiya lotoklari toshqin holatini oldini olish uchun  tozalanmoqda.

Bundan tashqari, belgilangan reja-jadvallar asosida muborak  Ramazon oyida poytaxt bozorlarini asosiy turdagi isteʼmol oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan taʼminlash, joylarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan xabar olish, ularga yordam ko‘rsatish, iftorlik dasturxonlarini yozish kabi qator ishlar amalga oshirildi.

Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir 10  ta mahallada 24 ta arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.

Poytaxtning 12 ta tumaning barcha mahalla va ko‘chalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini tizimli va manzilli tashkil etilib, bugungi kunga qadar tashkil etilgan 913 ta aksiya va hasharlarda 72 mingdan ortiq aholi vakillari ishtirok etdi.  Jami 3 mingga yaqin ijtimoiy soha obyektlari atroflari obodonlashtirildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling