Aholi kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlanadi
Aholi kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlanadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Quyidagilar 2026 - 2027 yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini joylashtirish;
energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish;
atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini bosqichma-bosqich kamaytirish.
Qarorga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.
“Surxon-Agro” zonasi hududida faoliyat olib boradigan issiqxona xo‘jaliklariga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:
yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llanadi;
issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etiladi;
anomal sovuq ob-havo sharoitlari davrida, istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya qilgan holda ko‘mir yoqishga ruxsat etiladi.