Aholi bilan muloqot tizimi samarali tashkil qilinadi

Aholi bilan muloqot tizimi samarali tashkil qilinadi

Aholi bilan muloqot tizimi samarali tashkil qilinadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi;

Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi;

aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida 1 marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning ko‘rib chiqilishiga oid eʼtirozlarni o‘rganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlarida aks ettiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi (Prezident Xalq qabulxonasi) tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qiladi va muammolarini joyida hal qilish choralarini ko‘radi, murojaatlar tahlilini olib boradi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida qilinadigan taqdimotlarda aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalari haqida alohida hisobot beriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat o‘rnatiladi.

Jamoaviy tusdagi murojaatlar aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida o‘rganilib, ular roziligi asosida nazoratdan olinadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling