Afg‘onistonda kuchli zilzila oqibatida 1100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, minglab odamlar yaralandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘onistonda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida kamida 1124 kishi halok bo‘ldi, yana 3251 kishi tan jarohati oldi. 8 mingdan ortiq uy-joy vayron bo‘lgan. Bu haqda Afg‘oniston Qizil Yarimoy jamiyati maʼlum qildi.
Afg‘onistonda hokimiyatda turgan “Tolibon” harakati xalqaro yordam so‘rab murojaat qildi. BMT Favqulodda vaziyatlarga javob choralari fondi (CERF) orqali 5 million dollar ajratdi. Britaniya esa jabrlanganlarga yordam sifatida 1 million funt sterling yo‘naltirishini maʼlum qildi. Xitoy, Hindiston va Shveysariya ham gumanitar yordam berishini vaʼda qilgani haqida BBC News xabar berdi.
31 avgust kuni mahalliy vaqt bilan yarim tun atrofida, mamlakat sharqidagi Nangarxar viloyatidagi Jalolobod shahri shimoli-sharqiy qismida, 27 km masofada 6,0 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi.
Zilzila epimarkazi yer ostida taxminan 8 km chuqurlikda joylashgan. Eng katta zarar Kunar viloyatida qayd etilgan — kamida uch qishloq butunlay vayron bo‘lgan. Shuningdek, Lagmon, Nuriston va Panjsher viloyatlarida ham vayronagarchilik kuzatilgan.
Olis tog‘li hududlarda qutqaruv ishlari kuchli yomg‘irlar, ko‘chkilar va infratuzilmaning shikastlanishi sabab murakkablashmoqda.