Afg‘onistonda “Andijonkabel” 4 mln dollarlik memorandum imzoladi
Afg‘onistonda “Andijonkabel” 4 mln dollarlik memorandum imzoladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 11–12-aprel kunlari Qobul shahrida “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostida andijonlik tadbirkorlar ishtirokida savdo yarmarkasi tashkil etildi. Ushbu nufuzli tadbirda elektrotexnika sanoati korxonalari ham faol qatnashib, o‘z mahsulotlari va ishlab chiqarish imkoniyatlarini keng namoyish etdilar.
Yarmarka doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar va B2B uchrashuvlar samarali kechdi. Ayniqsa, Afg‘oniston bozori vakillari tomonidan kabel mahsulotlari hamda maishiy texnika vositalariga qiziqish yuqori bo‘ldi.
Bu esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika mahsulotlariga tashqi bozorlarda talab ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, “Andijonkabel” korxonasi tomonidan 4 million AQSh dollari miqdorida memorandum imzolandi.
Ayni paytda tomonlar Afg‘oniston bozori ehtiyojlariga mos mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha amaliy muzokaralarni davom ettirmoqda.
Mazkur yarmarka O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi eksport yo‘nalishlarini ochish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2026-yil may oyida Qobul shahrida navbatdagi “Uzelectronics” multibrend savdo markazi o‘z faoliyatini boshlaydi.