Afg‘oniston va O‘zbekiston xususiy sektorlari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 11 may kuni Kobul shahrida Afg‘oniston va O‘zbekiston xususiy sektorlari ishtirokida “Biznes hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi (ACCI) hamkorligida tashkil etildi va unda 200 ga yaqin ikki mamlakat tadbirkorlari faol ishtirok etdi.
O‘zbekistondan mazkur uchrashuvda 40 nafardan ortiq qurilish materiallari, 21 nafar elektrotexnika, 16 nafar oziq-ovqat sanoati va 12 nafar to‘qimachilik va boshqa soha vakillari — jami 100 nafardan ortiq tadbirkor qatnashdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlik yo‘llarini muhokama qilishdi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari , to‘qimachilik, qurilish materiallari savdosi, logistika va transport sohalarida sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.
Tadbir yakunida qator istiqbolli loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, savdo va sarmoya loyihalarini amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tashkil etilishiga kelishildi.
Afg‘oniston va O‘zbekiston ishbilarmonlari bunday tadbirlar ikki mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, bu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borish zarurligini qayd etishdi.