Valyuta kurslari 06/10/2025
$1 – 12060.48
UZS – -0,32%
€1 – 14156.59
UZS – -0,47%
₽1 – 146.97
UZS – -1,3%
Qidirish
Afg‘oniston o‘zbekistonlik kompaniyalarga uglevodorodlarni qidirish va qazib olish uchun litsenziya berdi

Afg‘oniston o‘zbekistonlik kompaniyalarga uglevodorodlarni qidirish va qazib olish uchun litsenziya berdi

Afg‘oniston o‘zbekistonlik kompaniyalarga uglevodorodlarni qidirish va qazib olish uchun litsenziya berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘oniston hukumati o‘zbekistonlik kompaniyalarga o‘z hududida geologik qidiruv ishlari va uglevodorodlarni qazib chiqarishni amalga oshirish uchun litsenziyalar berdi. Bu haqda energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Uning taʼkidlashicha, 14 sentyabr kuni Tuti-Maydon gaz konni o‘zlashtirish ishlariga start berilgan. Tantanali marosimda “O‘zbekneftgaz” rahbari va energetika vazirining birinchi o‘rinbosari ishtirok etgan. Loyiha 25 yil muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, uni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma o‘zbekistonlik Eriell KAM kompaniyasi tomonidan imzolangan.

«Bu birinchi bosqich bo‘ladi, albatta, bu natijasiga qarab, yana-da buni kengaytirish, yangi maydonlarda birgalikda ishlash rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun samara keltiradigan loyiha sifatida amalga oshirish ko‘zda tutilgan», — dedi Mirzamaxmudov.

Uning qayd etishicha, kelajakda Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi, u yerda iqtisodiyot infratuzilma rivojlanishi ortidan O‘zbekistonga ushbu hududidan dunyo okeaniga eng yaqin chiqish marshruti ochiladi.

«Agar u yerda tinchlik bo‘lsa, iqtisodiyot va infratuzilma rivojlanadi. Afg‘oniston hududi biz uchun okeanga chiqishning eng qisqa yo‘li bo‘ladi. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiy va logistik salohiyatini yana-da faolroq ishlatish imkonini beradi», — dedi u.

Vazir taʼkidlaganidek, Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi qo‘shni davlatlar uchun ham muhim.

«Menimcha, bu uzoq muddatli ham siyosiy, ham strategik vazifa. Va prezidentimiz haqiqatan ham buni ko‘rishga, his qilishga qodir. Har doim aytganidek, buni bosqichma-bosqich, qatʼiy va izchil amalga oshirish bugun ham, ertaga ham, uzoq muddatli istiqbolda ham o‘z natijasini beradi,» — dedi Mirzamahmudov.

Shuningdek, u afg‘on xalqi O‘zbekistonga nisbatan samimiy munosabatda ekanini taʼkidladi.

«Afg‘on xalqining O‘zbekistonga va o‘zbek xalqiga bo‘lgan munosabati odamlarning ko‘zlaridan ko‘rinib turibdi. Va har bir muzokara jarayonida ular prezidentimizning Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatayotgan mehrini haqiqatan ham his qilayotganliklarini bildirishmoqda,» — dedi Mirzamahmudov.

U Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar Oxund bilan bo‘lgan so‘nggi uchrashuvdan iqtibos keltirdi.

«Men prezident [Shavkat Mirziyoyev] bilan Ozarbayjonda ko‘risha oldim. O‘sha uchrashuvda prezident ko‘zlarida, so‘zlarida va hozirgi kundagi amalda Afg‘oniston va afg‘on xalqiga bo‘lgan mehrni ko‘ryapman», — degan Barodar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling