Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 20/06/2025 Afg‘oniston bozorida charm-poyabzal mahsulotlariga katta talab: 9,5 million dollarlik shartnoma imzolandi

Afg‘oniston bozorida charm-poyabzal mahsulotlariga katta talab: 9,5 million dollarlik shartnoma imzolandi

Toshent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Mozori-Sharif shahriga uyushtirilgan ishbilarmonlik tashrifi doirasida O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatining eksport salohiyatini oshirish, yangi bozorlarga chiqish va xalqaro investorlar bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida muhim muzokaralar olib borildi.

Tashrif davomida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va sohaga oid korxonalar Afg‘onistonning yirik kompaniya va tadbirkorlari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va sanoat mahsulotlari eksportini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Ushbu uchrashuvlarning eng muhim natijalaridan biri — Afg‘onistonning “AFGAN CYBER” kompaniyasi hamda O‘zbekistonning “KASHIF FERGHANI” LTD korxonasi o‘rtasida 9,5 million AQSH dollari qiymatidagi shartnoma imzolangani bo‘ldi. Kelishuvga muvofiq, turli modellardagi charm-poyabzallar Afg‘oniston bozoriga yetkazib beriladi. Bu bitim O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati mahsulotlarining xalqaro bozorda ortib borayotgan obro‘si va tan olinishiga yaqqol misoldir.

Tashrif doirasida “AYSAN” kompaniyasi rahbari Ahmad Aymal bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. U Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi uchun maxsus xizmat poyabzallarini yetkazib beruvchi korxona hisoblanadi. Ahmad Aymal O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan maxsus mahsulotlarga katta qiziqish bildirganini va yaqin kelajakda hamkorlik qilishga tayyor ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, afg‘onlik yirik tadbirkor Ajan Habibi ham o‘zbek charm mahsulotlariga qiziqish bildirib, kelgusida hamkorlik qilish istagini bildirdi. “SY HORIZON” kompaniyasi ham poyabzal mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildirib, O‘zbekistonga ishchi tashrifni rejalashtirganini maʼlum qildi.

Mozori-Sharifdagi uchrashuvlar nafaqat eksport shartnomasiga asos bo‘ldi, balki O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatining Afg‘onistonda ishonchli hamkor sifatida tan olinishiga zamin yaratdi. Charm mahsulotlarga talab ortib borayotgan sharoitda bu kabi hamkorliklar sohaning strategik rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling