Afgʻoniston delegatsiyasi Fargʻona viloyatining iqtisodiy salohiyatini baholamoqda
Afgʻoniston delegatsiyasi Fargʻona viloyatining iqtisodiy salohiyatini baholamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi o‘rinbosari Alhaj Zilgay Arian Azimiy boshchiligidagi delegatsiyaning Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida mehmonlar Uchko‘prik tumanida joylashgan “Boboshbek” ishlab chiqarish va savdo majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya vakillari majmuadagi ishlab chiqarish jarayonlari, savdo markazlarini ko‘zdan kechirdilar.
Mazkur majmua asosan tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish, savdo va logistika yo‘nalishlariga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda ishlab chiqarish sexlari, savdo do‘konlari va rastalar samarali faoliyat yuritmoqda.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinayotgani alohida ta’kidlandi.
Mehmonlarga majmuaning ishlab chiqarish quvvatlari, eksport salohiyati va hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiya tarkibidagi tadbirkorlar hamda mahalliy ishbilarmonlar ishtirokida B2B formatida uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar yakunida umumiy qiymati 67 million dollarga teng bo‘lgan dastlabki o‘zaro hamkorlik kelishuvlari imzolandi.