“Adolat” partiyasi YHQni qo‘pol ravishda buzgan haydovchilar uchun jazolarni kuchaytirishni taklif etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan haydovchilar uchun jazolarni keskin kuchaytirish tashabbusi bilan chiqdi.
Partiyada eslatilishicha, o‘tgan yili mamlakatda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lib, ular natijasida taxminan 9000 kishi jarohat olgan va 2203 kishi halok bo‘lgan. Alohida taʼkidlanishicha, jabrlanuvchilarning katta qismi bolalardir. Statistikaga ko‘ra, har to‘rtinchi avariyada kamida bir kishi halok bo‘ladi, bu esa o‘rtacha kuniga olti nafar insonning hayotidan ayrilishi demakdir.
«Bu fojialar butun jamiyatni larzaga solmoqda, chunki gap faqat bir oilaning shaxsiy dardi haqida emas, balki millatning kelajagini yo‘qotish haqida ketmoqda. Agar aholi, ayniqsa bolalar, yo‘llarda o‘zini xavfsiz his qila olmasa, bu barchamizni jiddiy tashvishga solishi va darhol chora ko‘rishga undashi lozim», — deyiladi “Adolat” bayonotida.
Xavfsizlikni oshirish chorasi sifatida partiya xalqaro Vision Zero dasturini joriy etishni taklif qilmoqda. Mazkur dastur YTHlardagi o‘lim holatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Shuningdek, «Maktab atrofi — xavfsiz hudud» tashabbusini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu dastur doirasida uydan maktabgacha xavfsiz piyodalar yo‘laklari yaratish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun yorqin nur qaytaruvchi jiletlar, bosh kiyimlar yoki sumkalar joriy etish hamda taʼlim muassasalari yaqinida transport harakatini maxsus cheklash taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, “Adolat” YHQni muntazam ravishda buzadigan haydovchilar uchun sug‘urta to‘lovlarini keskin oshirish orqali iqtisodiy javobgarlikni kuchaytirish tarafdori.
Partiya bolalar halok bo‘lgan YTHlar uchun jazolarni qatʼiylashtirishni, shuningdek, maktablar yaqinida tezlikni oshirish holatlari uchun alohida qattiq choralar belgilashni taklif qilmoqda.
Shuningdek, tezlik rejimi buzilgan taqdirda haydovchilik guvohnomasidan mahrum etish muddatini uch yildan o‘n yilgacha uzaytirish, alkogol taʼsirida halokatli YTH sodir etgan haydovchilarni esa umrbod haydovchilik huquqidan mahrum etish taklifi bildirilgan.
“Adolat” fraksiyasi ushbu choralarni amalga oshirish maqsadida tegishli qonunchilik tashabbusi bilan chiqish niyatida ekanini maʼlum qildi.