Adliya vaziri Latviya Respublikasi elchisi bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-sentyabr kuni adliya vaziri Akbar Tashkulov yangi tayinlangan Latviya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Girts Yaunzemsni qabul qildi.
Uchrashuv boshida adliya vaziri Oʻzbekiston hamda Latviya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari hamda bugungi kungacha erishilgan natijalar haqida toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, huquqiy yordam ko‘rsatish, davlat xizmatchilarining Latviya ilmiy markazlarida doimiy ravishda malaka oshirib kelishi, norma ijodkorligi kabi yo‘nalishlarda elchixona bilan hamkorlik qilib kelinayotgani alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Janob elchi, oʻz navbatida, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligini, bugungi kunda elchixona tomonidan respublikada 10 dan ortiq loyihalar amalga oshirilayotganligi, bunda inson huquqlari, IT va ta’lim kabi yo‘nalishlar qamrab olinganini ta’kidladi. Shu bilan birga, adliya va huquq sohasida ham elchixona Adliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar istiqbolli masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan, intellektual mulk himoyasi, o'zaro huquqiy yordam ko'rsatish va boshqalar boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi.