ShHT adliya vazirlari raqamlashtirish va huquqiy hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vaziri A. Tashkulov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar adliya vazirlarining navbatdagi o‘n ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirda Rossiya, Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston adliya vazirlari, Qirg‘iziston adliya vaziri o‘rinbosari hamda ShHT bosh kotibi o‘rinbosari ma’ruza bilan ishtirok etdilar.
A. Tashkulov mamlakatimizda adliya va huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqiy axborotni tarqatish, “aqlli tartibga solish” (TSTB) tizimi, raqamli adliya, sun’iy intellekt asosidagi “LexAI” chatbot, sud-ekspertiza sohasidagi yangiliklar, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik istiqbollari borasida nutq so‘zladi.
Xususan, notariat xizmatlarini raqamlashtirish: “Notarius” axborot tizimi orqali hujjatlarni elektron shaklda yuritish va notarial jarayonlarni soddalashtirish mexanizmi, davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam nafaqat jinoiy ishlarda, balki ma’muriy huquqbuzarliklar va fuqarolik ishlarida ham ko‘rsatilayotganligi alohida ta’kidlandi.
ShHTga a’zo davlatlar adliya vazirlarining navbatdagi majlisida a’zo davlatlar Adliya vazirliklari faoliyatidagi islohotlar hamda ShHTga a’zo davlatlar Adliya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida ShHTga aʼzo davlatlar adliya vazirlarining navbatdagi yigʻilishini tashkillashtiruvchi davlat Tojikiston Respublikasi etib belgilandi.
Tadbir yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tomonlarning umumiy kelishuvlarini aks ettiruvchi qoʻshma bayonot imzolandi.