Accesa O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda: raqamli texnologiyalar vaziri investitsiyalar va IT xizmatlari eksportini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Accesa” va uning bosh kompaniyasi — bank hamda yuqori texnologiyalar sohasida yetakchi Yevropa raqamli yechimlar provayderi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida “Accesa” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, milliy AT-ekotizimiga investitsiyalarni ko‘paytirish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, AT xizmatlar eksportini oshirish, startaplar bilan hamkorlikni rivojlantirish va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Vazir Sh. Shermatov O‘zbekistonning “Accesa” kabi yetakchi xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilishga intilishini ta’kidlab, bu jarayon mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, raqamli iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlash va xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
“Accesa” joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston bozoriga rasman kirib kelgan bo‘lib, faoliyatini yo‘lga qo‘yganidan so‘ng, mamlakatda yanada kengayish rejalarini tasdiqladi. Kompaniya vakillari O‘zbekistonda AT sohasida yaratilayotgan qulay sharoitlar, xususan, IT Park Uzbekistan tomonidan taklif etilayotgan infratuzilma va huquqiy imtiyozlarni yuqori baholadilar.