Abdulla Azizov Shveysariya elchisi bilan yirik farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 30 sentyabr kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Konstantin Obolenskiy bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida agentlik direktori "Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri loyihasini taqdimot qildi va yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida ekskursiya o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida Shveysariyaning yirik farmatsevtika kompaniyalari - “Roche”, “Novartis” hamda ko‘plab kichik va o‘rta farmatsevtika korxonalari to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, dori vositalari sohasida qalbaki mahsulotlar muomalasining oldini olish masalasi muhokama qilindi.
O‘z navbatida agentlik rahbari O‘zbekistonda bunday xavflarni kamaytirish uchun “Track&Trace” tizimi va "Data Matrix" orqali nazorat yo‘lga qo‘yilganini, isteʼmolchilar esa “PharmUz” mobil ilovasi orqali qalbaki dori vositalari bo‘yicha murojaat qilish imkoniyatiga egaligini qayd etdi.
Elchi janoblari O‘zbekistonda farmatsevtika sohasidagi islohotlar va imkoniyatlarni yuqori baholab, Shveysariyalik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasida ko‘makchi bo‘lishini maʼlum qildi.