Valyuta kurslari 20/11/2025
$1 – 11910.93
UZS – -0,25%
€1 – 13784.52
UZS – -0,4%
₽1 – 147.49
UZS – 0,06%
Qidirish
85 yoshida madaniyat arbobi Mirabbos Mirzaahmedov vafot etdi

85 yoshida madaniyat arbobi Mirabbos Mirzaahmedov vafot etdi

85 yoshida madaniyat arbobi Mirabbos Mirzaahmedov vafot etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 85 yoshida O‘zbekistonning xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, taniqli boshlovchi va rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov vafot etdi.

Uning vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiy shaxslar taʼziya bildirdilar, deb xabar qildi Prezident matbuot xizmati. «Sanʼatning yetuk ustasi, samimiy va kamtarin inson, yoshlar uchun mehribon ustoz bo‘lgan Mirabbos Mirzaahmedovning xotirasi bizning qalbimizda hamisha muhrlanib qoladi», deyiladi taʼziya matnida.

Mirabbos Mirzaahmedov 1941 yil 30 sentyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti)da kino va teatr sanʼati aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi. 

Mehnat faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan isteʼdodli sanʼatkor 60 yildan ziyod vaqt mobaynida “Yoshlar” tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, “O‘zbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qildi.

Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan o‘rin oldi. Ayniqsa, ustoz rejissyor tomonidan tasvirga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlar o‘z davrining yorqin telefilmlari sifatida madaniyatimiz xazinasidan munosib joy egalladi.

«Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» orqali u jamiyatning muhim ijtimoiy-maʼnaviy masalalariga eʼtibor qaratgan, ayniqsa yosh avlod orasida oila va Vatanga muhabbat, hurmat, odob-axloq va mehr-shafqat tuyg‘ularini targ‘ib qilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling