5 million sunʼiy intellekt yetakchilari loyihasi amalga oshiriladi
5 million sunʼiy intellekt yetakchilari loyihasi amalga oshiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi amalga oshiriladi.
Har yili mazkur loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazib boriladi.
Bunda tanlov g‘oliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar, jumladan: 100 nafar o‘qituvchi 1 000 AQSH dollari ekvivalentida pul mukofoti, 10 nafar o‘qituvchi xorijiy sayohatga yo‘llanma, 500 nafar yoshlar noutbuk, 500 nafar yoshlar qimmatbaho sovg‘alar, 3 ta oliy taʼlim tashkiloti pul mukofoti, 2 ta umumtaʼlim maktabi “Prezident sovg‘asi” – elektromobil bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida yoshlarga quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
raqamlashtirish sohasida zamonaviy kasblarga, jumladan, IT-loyiha boshqaruvchisi, startap loyihasi boshqaruvchisi hamda xorijiy tillarga bepul o‘qish;
xalqaro professional darajadagi IT-sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘quv kurslarida bepul taʼlim olish.