30 dekabrdan O‘zbekistonda metan quyish shoxobchalari uzluksiz ish rejimiga o‘tadi
30 dekabrdan O‘zbekistonda metan quyish shoxobchalari uzluksiz ish rejimiga o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 30 dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab respublika hududidagi barcha gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uzluksiz, yaʼni kunu-tun ish rejimida faoliyatini qayta tiklaydi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar qildi.
Yangi ish rejimiga o‘tish avtotransport vositalari egalariga istalgan vaqtda, shu jumladan tungi soatlarda ham navbatlarsiz yoqilg‘i quyish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat bo‘ylab AGNKSlar faoliyatiga cheklovlar 11 dekabr kuni joriy etilgan edi. O‘shanda Energetika vazirligi bu choralar Turkmaniston gaz transport tizimidagi avariya sabab gaz importi qisqargani bilan bog‘liq ekanini va ular vaqtinchalik xarakterga ega ekanini taʼkidlagan.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov mazkur hodisa sutkasiga taxminan 6 million kub metr gaz tanqisligiga olib kelganini maʼlum qilgan edi. Vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Farg‘ona vodiysida statsionar metan AGNKSlar yopiq bo‘lgan davrlarda obyektlarni taʼminlash uchun ko‘chma gaz to‘ldirish stansiyalarini jalb etish rejalashtirilgan.