Valyuta kurslari 03/10/2025
$1 – 12099.72
UZS – 0,13%
€1 – 14223.22
UZS – 0,18%
₽1 – 148.90
UZS – 1,49%
Qidirish
2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi Samarqand shahrida o‘tkaziladi

2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi Samarqand shahrida o‘tkaziladi

2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi Samarqand shahrida o‘tkaziladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) muhim qaror qabul qilindi: 2028-yilda navbatdagi kongress Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilandi. Bu tarixiy voqea nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham kosmik sohada yangi davrni boshlab beradi.

Sidneydagi kongress doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi keng qamrovli dastur bilan ishtirok etdi. 

Delegatsiya tomonidan Oʻzbekistonning kosmik texnologiyalar sohasidagi yutuqlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, Yevropa, Osiyo va Amerika kosmik agentliklari bilan strategik uchrashuvlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, kosmik monitoring, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohasida raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Tadbir davomida Xalqaro astronavtika federatsiyasi rahbariyati O‘zbekistonning ilmiy salohiyati, yoshlarning kosmik fanlarga bo‘lgan qiziqishini va infratuzilmani rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, 2028-yilgi kongressni Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Mazkur yirik anjuman nafaqat ilm-fan va texnologiyalar rivoji uchun muhim maydon bo‘ladi, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham sezilarli daromad keltirishi kutilmoqda. Masalan, Sidneyda o‘tkazilgan joriy kongress Avstraliya iqtisodiyotiga 42 million avstraliya dollari (qariyb 27 million AQSh dollari) daromad olib keldi. Samarqandda bo‘lib o‘tadigan IAC ham 10 mingdan ortiq xalqaro mehmonlarni yurtimizga jalb qilib, xalqaro ko‘rgazmalar orqali turizm, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarida katta iqtisodiy samarani ta’minlaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling