2026-yilda International Cotton Day Toshkentda o'tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxta maslahat qo‘mitasi (ICAC) direktori Erik Traxtenberg bilan uchrashdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammiti doirasida o‘tkazilgan mazkur muloqot davomida tomonlar qo‘mita bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikning natijalari va kelgusi rejalarni muhokama qildilar.
Uchrashuv chog‘ida, xususan, O‘zbekistonda paxtachilik sohasida “carbon bozori” tizimini joriy etishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu tashabbus xalqaro miqyosda barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirish va ekologik texnologiyalarni joriy qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2026-yilda O‘zbekistonda “International Cotton Day” xalqaro tadbirini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur forum mamlakatda paxta yetishtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion yondashuvlar va ekologik barqaror ishlab chiqarish amaliyotini namoyon etish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatli.