Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
Moliya 02/08/2025 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda faktoring xizmatlari hajmi 4 trillion so‘mga yetdi

2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda faktoring xizmatlari hajmi 4 trillion so‘mga yetdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning I yarim yilligida kredit tashkilotlari tomonidan jami 4 trln soʻmlik faktoring xizmatlari koʻrsatilib, ushbu xizmatlarning 3,7 trln soʻmi yoki 93 foizi tijorat banklari va 289 mlrd soʻmi yoki 7 foizi mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bunda, koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining 2,3 trln soʻmi yoki 58 foizi raqamli faktoring xizmatlari hissasiga toʻgʻri kelib, ushbu faktoring xizmatlarining 1,2 trln soʻmi (52 foiz) “Finmakon” elektron faktoring platformasi, 1,1 trln soʻmi (48 foiz) “Ozplanet” elektron faktoring platformasi tomonidan amalga oshirilgan.

Biznes vakillarining aylanma mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojlarini faktoring xizmati orqali moliyaviy ta’minlashining ortishi natijasida 2024-yilda faktoring xizmatlari boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich dekabr oyida 630 mlrd soʻmga yetgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PF–109-sonli Farmoni imzolangandan keyin, kredit tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik subyeklariga 2024-yilning soʻnggi 4 oyi hamda 2025-yilning yanvar-iyun oylari davomida jami 5,2 trln soʻm miqdorida faktoring xizmatlari koʻrsatildi.

2025-yilning dastlabki 6 oyi davomida tadbirkorlik subyektlariga davlat ulushi mavjud tijorat banklari tomonidan jami 2,2 trln soʻm (58 foiz), xususiy banklar tomonidan jami 1,5 trln soʻm (42 foiz) miqdoridagi faktoring xizmatlari taqdim qilingan.

Xususan, eng koʻp faktoring operatsiyalari davlat ulushi mavjud tijorat banklarida, Asaka bank (758 mlrd soʻm shundan, elektron platforma orqali 508 mlrd soʻm), Oʻzsanoatqurilishbank (479 mlrd soʻm, 465 mlrd soʻm), Oʻzmilliybank (373 mlrd soʻm, 277 mlrd soʻm) hissalariga toʻgʻri kelgan.

Shuningdek, xususiy banklar orasida Kapitalbank – 722 mlrd soʻm (31 mlrd soʻm), Hamkorbank – 336 mlrd soʻm (246 mlrd soʻm) va Asia Alliance bank – 135 mlrd soʻm (85 mlrd soʻm) bilan faktoring xizmati koʻrsatishda yetakchilik qilgan.

Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari tomonidan ushbu davrda jami 289 mlrd soʻmlik debitorlik qarzdorliklar moliyalashtirilgan.

Bugungi kunda, tadbirkorlarga taqdim etilayotgan moliyaviy xizmatlarni diversifikatsiya qilish, ularga xilma-xil zamonaviy bank mahsulotlarini taqdim etish hamda tijorat banklarining qisqa muddatli moliyalashtirish xizmatlarida faktoring xizmatlarini alternativ yechim sifatida keng koʻlamda ommalashtirish choralari koʻrilmoqda.

Natijada, 2024-yilning II yarim yilligida koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining qisqa muddatli moliyalashtirishga nisbati 1 foizdan (iyul) 6,1 foizga (dekabr) oshgan boʻlsa, joriy yilning yanvar-iyun oylarida ushbu koʻrsatkich 4,5 foizdan 14 foizga koʻtarildi.

Hududlar kesimida joriy yilning yanvar-iyun oylarida koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining asosiy qismi Toshkent shahrida 1,5 trln soʻm (37,5 foiz), Andijon viloyatida 1,2 trln soʻm (28,9 foiz), Toshkent viloyatida 312 mlrd soʻm (7,7 foiz) va Farg’ona viloyatida 277 mlrd soʻm (6,9 foiz) miqdorida shakllangan bo‘lib, Sirdaryo viloyatida 17,3 mlrd so‘m (0,4 foiz), Surxondaryo viloyatida 14,7 mlrd so‘m (0,4 foiz) va Jizzax viloyatida 12,8 mlrd so‘m (0,3 foiz)ni tashkil etib, qolgan hududlarga nisbatan sezilarli darajada past ko‘rsatkichni qayd etgan.

Mijozlarning tashkiliy shakli boʻyicha koʻrsatilgan faktoring xizmatlarining taqsimotida eng yuqori ulush masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga 2,5 trln soʻm yoki 61 foiz miqdorida faktoring xizmatlari koʻrsatilgan boʻlib, aksiyadorlik jamiyatlariga 1,2 trln soʻmni (28,7 foiz) tashkil etgan.

Shuningdek, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar 352 mlrd soʻmlik (8,7 foiz) hamda xususiy, oilaviy korxonalar va fermer xoʻjaliklarining 64 mlrd soʻmlik (1,6foiz) debitorlik qarzlari faktoring xizmatlari orqali moliyalashtirilgan.

Muddatlar qirqimida 30 kungacha faktoring xizmatlari jami faktoring xizmatlarining 32 foizini (1,3 trln so‘m), 31 kundan 60 kungacha – 18 foizini (0,7 trln so‘m), 61 kundan 90 kungacha – 32 foizini (1,3 trln so‘m), 91 kundan 120 kungacha – 11 foizini (0,4 trln so‘m) hamda 121 kundan 180 kungacha - 7 foizini (0,3 trln so‘m) tashkil qilgan.

Miqdorlar kesimida 100 mln soʻmgacha faktoring xizmatlari jami faktoring xizmatlarining 1 foizini (0,03 trln so‘m), 100 mln soʻmdan 500 mln soʻmgacha 10 foizini (0,4 trln so‘m), 500 mln soʻmdan 1 mlrd soʻmgacha 7 foizini (0,3 trln so‘m), 1 mlrd soʻmdan 5 mlrd soʻmgacha 38 foizini (1,5 trln so‘m) hamda 5 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan faktoring xizmatlari 44 foizini (1,8 trln so‘m) tashkil qilgan.

Iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha faktoring xizmatlarining asosiy qismi sanoat sohasiga 2,2 trln soʻm (54 foiz) hamda savdo va xizmat koʻrsatish sohasiga 1,5 trln soʻm (38 foiz) mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Shuningdek, qurilish va qishloq xoʻjaligi sektorlarida har biri mos ravishda 168 mlrd soʻmlik (4 foiz) va 170 mlrd soʻmlik (4 foiz) debitorlik qarzdorliklari moliyalashtirildi.

Eksportyor tadbirkorlarga zamonaviy moliyaviy xizmatlar koʻrsatish hamda faktoring xizmatlarini yanada rivojlantirish maqsadida 22 ta tijorat banklari tomonidan xalqaro faktoring mahsulotlari ishlab chiqilgan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida mamlakatimizdagi tijorat banklari tomonidan eksportyor korxonalarga 52 mlrd soʻm ekvivalentidagi regress huquqi bilan xalqaro faktoring xizmati koʻrsatildi. Bunda, koʻrsatilgan xalqaro faktoring xizmati 4 mln AQSH dollari va 9,9 mln Rossiya rublida amalga oshirilgan. Shuningdek, xalqaro faktoring xizmatlarini rivojlantirish ishlari doirasida mahalliy tijorat banklari Asia-Invest bank AJ bilan agentlik xizmatini koʻrsatish boʻyicha hamkorlik qilish yuzasidan shartnomalar imzolagan.

Hisobot sanasida Asia-Invest bank tomonidan eksportyor korxonalarga Oʻzmilliybank, Asaka bank, Turonbank, Agrobank, O‘zsanoatqurilishbank, Xalq banki, Ziraatbank, Hamkorbank, Asia Alliance bank, Ipak yo‘li banki, Trastbank, Kapitalbank va Invest Finans bank bilan tuzilgan agentlik xizmati shartnomalari asosida jami 491,6 mlrd soʻm ekvivalentidagi xalqaro faktoring amalga oshirilgan.

Jumladan, ushbu agentlik shartnomasi doirasida amalga oshirilgan xalqaro faktoring xizmati 38,2 mln AQSH dollari, 33,5 mln Rossiya rubli va 0,7 mln Xitoy yuanida koʻrsatilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling