2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda 185,62 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda jami 185 622 dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu haqdagi maʼlumotni Milliy statistika qo‘mitasi taqdim etdi.
Ushbu ko‘rsatkichlar orasida eng katta ulush UzAuto Motors kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri keldi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida korxona tomonidan 73 102 dona “Cobalt” rusumli avtomobil ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli o‘zgarmagan (o‘sish 0,2%ni tashkil etdi). Shuningdek, “Damas” modeli bo‘yicha 45 992 dona (18,1% o‘sish), “Tracker” — 22 847 dona (6,3% o‘sish), “Onix” — 17 249 dona ishlab chiqarildi (1% kamayish).
Bundan tashqari, hisobot davrida O‘zbekistonda 4 131 dona “Chery” avtomobili (0,7%ga kamaygan), 11 763 dona “KIA” (26,9%ga ko‘paygan), 3 538 dona “Haval” (6,5 barobar o‘sish) va 7 000 dona “BYD” avtomobili ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, 2025 yilning birinchi yarim yilligida 23 351 dona maxsus yengil avtomobillar ishlab chiqarildi, bu esa 2024 yilning shu davriga nisbatan 82,4%ga ko‘proqdir.