2025 yil boshidan beri 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ishchi Janubiy Koreyaga yuborildi
2025 yil boshidan beri 2 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ishchi Janubiy Koreyaga yuborildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Migratsiya agentligi SPAS tizimi orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatning 45 nafar fuqarosi Koreya Respublikasiga jo‘nab ketgani haqida maʼlum qildi.
Ularning barchasi SPAS tizimida ish izlovchilarning elektron bazasida ro‘yxatdan o‘tgan hamda koreyalik ish beruvchilar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlab olingan.
Qayd etilishicha, 2025 yil davomida Koreya Respublikasi E-9 ishchi vizasi bo‘yicha nomzodlarni tanlab olishning beshta bosqichini o‘tkazgan.
2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 19 yanvarga qadar bo‘lgan davrda O‘zbekistonning 2 143 nafar fuqarosi Janubiy Koreyaga vaqtinchalik ishlash uchun yo‘l olgan.
Koreya bilan 2025 yilda imzolangan mehnat shartnomalari asosida tanlab olingan yangi nomzodlarni jo‘natish jarayoni davom etmoqda.
Agentlik nomzodlarni tanlash faqatgina Koreya Respublikasi ish beruvchilari tomonidan amalga oshirilishini taʼkidladi. Haq evaziga yordam taklif qilayotgan har qanday uchinchi shaxslar firibgar hisoblanadi.
Bunday holatlarda fuqarolardan Telegram‘dagi @anticor_migrationbot orqali, anticorruption@migration.uz elektron pochtasi yoki ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha 71-202-44-11 telefon raqami orqali Agentlikka zudlik bilan murojaat qilish so‘raladi.