2025-2026 yillarga mo‘ljallangan bandlik sohasida O‘zbekiston-Turkiya hamkorligi rejasi tasdiqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Turkiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy taʼminot vazirligi oʻrtasida Mehnat va bandlik sohasidagi Qoʻshma ishchi komissiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib o‘tdi.
Unda Mehnat inspeksiyasi, aholi bandligi, kasb-hunarga o‘qitish, mikroloyihalarni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda Turkiya tajribasidan foydalangan holda mehnat sharoitlarini baholash maqsadida mobil laboratoriyalar joriy qilish, mehnat inspektorlari malakasini oshirish, inspeksiya faoliyatini raqamlashtirish hamda Kasbiy ko‘nikmalar markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda milliy malaka tizimini rivojlantirish, shu jumladan kasbiy standartlarni ishlab chiqish, oʻquv dasturlarini tayyorlash va malakani baholash boʻyicha hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar holatiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yakunda 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan vazifalarni o‘z ichiga olgan Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.