Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Iqtisod 27/01/2025 2024-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 114,96 milliard dollarni tashkil qildi

2024-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 114,96 milliard dollarni tashkil qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024- yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi YAIMi hajmi joriy narxlarda 1 454 573,9 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2023- yil bilan taqqoslaganda 6,5 % ga o‘sdi. YAIM deflyator indeksi 2023- yildagi narxlarga nisbatan 113,3 % ni tashkil etdi.

YAIM fizik hajm indeksi (o‘sish sur’ati) doimiy narxlarda, ya’ni o‘tgan yilning mos davri narxlarida hisoblangan hisobot davri YAIM (real YAIM)ni joriy narxlardagi o‘tgan yilning mos davri YAIMiga nisbati orqali hisoblanadi.

Yalpi ichki mahsulot (YAIM) iqtisodiy rezident-birliklar ishlab chiqarish faoliyatining yakuniy natijasini ifodalovchi va ushbu birliklar tomonidan yakuniy foydalanish uchun ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar qiymati orqali o‘lchanadigan Milliy hisoblar tizimi (MHT)ning asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir

2024- yilda AQSH dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy kursi 12 652,7 so‘m, 2023- yilda 11 737,2 so‘m, 2022- yilda 11 051,2 so‘m, 2021- yilda 10 610,0 so‘m, 2020- yilda 10 055,8 so‘mga teng bo‘lgan. Joriy davrda o‘rtacha almashuv kursi bo‘yicha hisoblangan nominal YAIM hajmi 114 962,0 mln AQSH dollarini tashkil etdi.

2024- yilda YAIM o‘sishiga qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi tarmog‘i 0,6 f.p., sanoat tarmog‘i – 1,7 f.p., qurilish tarmog‘i – 0,6 f.p. va хizmat ko‘rsatish tarmog‘i – 3,3 f.p. ijobiy hissa qo‘shdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning o‘sishi hisobiga YAIM 0,3 f.p. ga ko‘paydi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YAIM umumiy hajmining 95,3 % ini tashkil etdi va 6,6 % ga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 6,2 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 4,7 % ni tashkil etdi va 2023- yil bilan taqqoslaganda 6,0 % ga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri – 0,3 f.p.). 2024- yil yakunlariga ko‘ra, YAIM tarkibida katta bo‘lmagan o‘zgarishlar kuzatildi. 2023- yilga nisbatan YAIM (YAQQ) tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 46,2 % dan 47,4 % ga, sanoatning ulushi 25,3 % dan 26,4 % ga oshdi. Shu bilan birga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 21,2 % dan 19,2 % ga hamda qurilish tarmog‘ining ulushi 7,3 % dan 7,0 % ga kamaydi.

O‘zbekiston Respublikasi doimiy aholisining o‘rtacha soni 2020- yilda 34 232,1 ming kishi, 2021- yilda 34 915,1 ming kishi, 2022- yilda 35 648,1 ming kishi, 2023- yilda 36 412,4 ming kishi va 2024- yilda 37 171,5 ming kishini tashkil etgan.

2024- yilda aholi jon boshiga hisoblangan YAIM hajmi joriy narxlarda 39 131,4 ming so‘mni (yoki 3 092,7 AQSH dollari ekvivalentida) tashkil etdi.

Yuqorida keltirilgan diagrammadan ko‘rinib turganidek, 2024- yilda aholi jon boshiga YAIM hajmining real o‘sishi 2023- yilga nisbatan 4,4 % ni, 2020- yilga nisbatan esa 19,5 % ni tashkil etdi.

2024- yil yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 3,1 % (2023- yilda – 4,1 %, 2022- yilda – 3,6 %, 2021- yilda – 4,0 %, 2020- yilda – 2,9 %) darajasida ijobiy o‘sish qayd etildi.

2024- yilda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 467 041,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi mahsulot (xizmat)lari umumiy hajmining 96,6 % i – dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlar, 2,5 % i – o‘rmon xo‘jaligi, 0,9 % i – baliqchilik xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keldi. 2024- yil yakunlariga ko‘ra, ushbu tarmoqdagi ijobiy o‘sish sur’atlari dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda ko‘rsatilgan xizmatlarning 3,1 % ga va o‘rmon xo‘jaligi – 3,0 % ga o‘sishi bilan bog‘liq.

2024- yil yakunlariga ko‘ra, sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatida 6,8 % ga o‘sish kuzatilgan. Ushbu tarmoqdagi ijobiy dinamika, asosan tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘ining qo‘shilgan qiymati 1,9 % ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatning 7,7 % ga, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash tarmog‘ining 5,4 % ga hamda suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish tarmog‘ining 5,6 % ga ijobiy o‘sishi hisobiga ta’minlandi.

2024- yilda 2023- yil bilan taqqoslaganda qurilish ishlari hajmi 8,8 % ga o‘sdi. Jumladan, o‘sish sur’atlari bino va inshootlar qurilishida 105,5 % ni, fuqarolik obyektlari qurilishida 124,7 % ni va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarida 106,4 % ni tashkil etdi.

2024- yilda 2023- yil bilan taqqoslaganda qurilish ishlari hajmi 8,8 % ga o‘sdi. Jumladan, o‘sish sur’atlari bino va inshootlar qurilishida 105,5 % ni, fuqarolik obyektlari qurilishida 124,7 % ni va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarida 106,4 % ni tashkil etdi.

2024- yil yakunlariga ko‘ra, xizmatlar sohasining yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 657 348,5 mlrd so‘mni tashkil etdi va 2023- yilga nisbatan 7,7 % ga o‘sdi. Shu jumladan, savdo xizmatlari 11,5 % ga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 10,7 % ga, tashish va saqlash xizmatlari 8,5 % ga, axborot va aloqa xizmatlari 24,7 % ga, boshqa xizmatlar 4,5 % ga o‘sdi.

2024- yilda savdo tarmog‘ining yalpi qo‘shilgan qiymati tarkibida eng katta ulushi chakana savdo (avtotransport vositalari savdosidan tashqari)ga to‘g‘ri keldi va 56,1 % ni tashkil etdi. Ulgurji savdo (avtotransport vositalari savdosidan tashqari)ning ulushi 30,9 % ni, avtotransport vositalarining ulgurji va chakana savdosi hamda ularni ta’mirlashning ulushi 13,0 % ni tashkil qildi.

2024- yil yakunlariga ko‘ra, tashish va saqlash tarmog‘ining O‘zbekiston Respublikasi YAIMidagi ulushi 5,4 % ni tashkil etdi. Tashish va saqlash tarmog‘ining qo‘shilgan qiymati tarkibida eng ko‘p ulushi avtomobil transportiga to‘g‘ri keldi va 55,7 % ni tashkil etdi. Mazkur tarmoq umumiy qo‘shilgan qiymatida quvur transportining ulushi 13,4 %, temir yo‘l transportining ulushi 8,4 %, yordamchi transport faoliyatining ulushi 14,9 %, havo transportining ulushi 7,6 % ni tashkil etdi.

2024- yilda axborot va aloqa tarmog‘ining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 2,7 % ni tashkil etdi. Mazkur tarmoq yalpi qo‘shilgan qiymati tarkibida asosiy ulush aloqa xizmatlariga (simli va mobil aloqa xizmatlari, internet tarmog‘i va boshqalarga) to‘g‘ri keldi va 35,0 % ni tashkil etdi. Tarmoqda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatning qolgan 65,0 foizi axborot va aloqaning boshqa tarmoqlari (nashriyot faoliyati, kompyuter dasturlashtirish sohasidagi faoliyat, dasturlar yaratish bo‘yicha faoliyat, teleko‘rsatuv va radio-eshittirish v.b.) hissasiga to‘g‘ri keldi.

2024- yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) xizmatlarining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 2,4 % ni tashkil etdi. Tarmoqda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmining 38,2 foizi aloqa xizmatlari, 43,3 foizi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar, 9,6 foizi ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish bo‘yicha xizmatlar, Web-portallar, 5,5 foizi dasturiy ta’minotni chiqarish, qolgan 3,4 foizi kompyuterlar va aloqa uskunalarini ta’mirlash xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2024- yil yakunlari bo‘yicha kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari tomonidan 753 226,9 mlrd so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat yoki iqtisodiyotdagi yalpi qo‘shilgan qiymatning 54,3 % i yaratilgan. Shundan 33,9 % i qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi, 12,6 % i sanoat, 10,1 % i qurilish tarmoqlari va 43,4 % i xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keldi. Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari ulushi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 95,8 %, qurilishda 78,4 %, xizmatlar sohasida 49,8 % va sanoatda 25,9 % ni tashkil etdi.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida kuzatilmaydigan (norasmiy va yashirin) iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 505 650,1 mlrd so‘mni va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 34,8 % ni tashkil etdi. Shundan norasmiy iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 383 643,7 mlrd so‘mni va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 26,4 % ni tashkil etdi. Yashirin iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi esa 122 006,5 mlrd so‘mni va uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 8,4 % ni tashkil etdi.

2024- yilda norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmining tarmoqlar bo‘yicha tarkibida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 63,6 % ni, qurilish 41,3 % ni, xizmatlar sohasi 40,1 % ni va sanoat 8,9 % ni tashkil etgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling