2017–2024 yillar tahlili: O‘zbekiston eksporti texnologik jihatdan murakkablashmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagiMakroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) (https://t.me/ifmr_public) ekspertlari tomonidan UNCTAD metodologiyasi (https://unctadstat.unctad.org/EN/Classifications.html) asosida O‘zbekistonning 2017–2024 yillardagi eksporti tarkibining texnologik murakkabligi tahlil qilindi.
UNCTAD metodologiyasiga ko‘ra, eksport mahsulotlari texnologik murakkabligi va qayta ishlanish darajasiga qarab quyidagi 6 ta toifaga ajratiladi:
1. Past texnologiyali mahsulotlar (matolar, tayyor kiyim-kechak, plastmassa buyumlar, mebel, charm va yog‘och mahsulotlari);
2. O‘rta texnologiyali mahsulotlar (kimyo sanoati, polimerlar, o‘g‘itlar, dvigatellar, mashinalar, maishiy texnika, avtokomponentlar va qishloq xo‘jaligi texnikalari);
3. Yuqori texnologiyali mahsulotlar (elektronika, elektrotexnika, tibbiy uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, aerokosmik texnika va o‘lchov asboblari);
4. Qayta ishlangan resursga asoslangan mahsulotlar (o‘simlik yog‘i, tamaki mahsulotlari, sharbatlar, yog‘ochdan tayyorlangan buyumlar, ruda, neft mahsulotlari, kimyoviy xomashyo va metallar);
5. Xomashyo mahsulotlari (paxta tolasi, xom neft, tabiiy gaz, tozalanmagan rudalar, sabzavotlar, mevalar, oltin va boshqa yer osti boyliklari);
6. Tasniflanmagan mahsulotlar (maxsus maqsadli tovarlar, oltin (nomonetar), xizmatlar, elektr energiyasi, yoki harbiy mahsulotlar).
Eksport tarkibining texnologik murakkabligi tahlili natijalari:
Xomashyo mahsulotlari ulushi 2 barobarga qisqardi. 2017-yilda xomashyo mahsulotlarining eksportdagi ulushi 36,3% ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 17,3% gacha pasaydi. 2024-yilda xomashyo mahsulotlari eksporti tarkibida yetakchi o‘rinlarni mis (30,96%), sabzavotlar (18,6%), meva va yong‘oqlar (15,8%), tabiiy gaz (13,16%) hamda kumush, platina va boshqa qimmatbaho metallar (5,7%) egalladi.
Tabiiy resurslardan qayta ishlangan mahsulotlar ulushi 2 barobarga oshdi. 2017-yilda bu toifa eksportda 3,9 % ulushga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 8,4 % ga yetdi. Yetakchi o'rinlarni neft yoki bitumli minerallar (31,0%), bug’doy uni va meslin uni(19, 2%), qayta ishlangan tamaki mahsulotlari (4,3%), qurilish materiallari (3,7%) va qoldiq neft mahsulotlari (3,5%) egalladi.
Past texnologiyali mahsulotlarning eksportdagi ulushi 14,2 foizdan 17,1% gacha o’sgan va tarkibi ham sezilarli darajada murakkablashgan. Asosiy ulushni to’qimachilik ipi (37,1%), to’qimachilik mahsulotlaridan tayyor kiyim-kechaklar (13,1%), trikotaj va to’qilgan matolar (8,1%), tayyor to’qimachilik buyumlari (6,3%), paxta matolari (4,4%) egalladi.
O‘rta texnologiyali mahsulotlar eksportining umumiy ulushi barqaror 8 foiz atrofida saqlanib turibdi va tarkibi murakkablashmoqda. Asosiy ulushni o‘g‘itlar (19,1%) va avtomobil qismlari va ehtiyot qismlar (18,6%), polietilen (12,3%), ichki yonuv dvigatellari (8,8%) va maishiy texnika (6,7%) egalladi.
Yuqori texnologiyali mahsulotlarning umumiy tovarlar eksportidagi ulushi 2017-yildagi 0,5% dan 2024-yilga kelib 1,5% ga yetdi, o‘sish esa 3 barobarni tashkil etdi. Asosiy ulushni televizorlar va televizion qurilmalar (14,6%), aylanuvchi elektr uskunalar (14,2%), elektr jihozlari va apparaturalari (10,8%) hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mashinalar va ularning qismlari (9,7%) egalladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2017–2024 yillardagi eksport tarkibi tahlili eksportning texnologik tarkibi sifat jihatidan murakkablashayotganligini, xomashyo eksportidan tayyor mahsulotlarga o‘tish jadallashayotganligini, past va o‘rta texnologiyali mahsulotlar tarkibida chuqur qayta ishlash kuchayayotganligini, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti barqaror o‘sayotganligini ko‘rsatmoqda. Eksportning texnologik tarkibida ro‘y berayotgan ijobiy siljishlar - bu mamlakat sanoat salohiyatining ortib borayotgani va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikning kuchayib borayotganidan dalolat beradi.