20 yoshli o'zbekistonlik startapi uchun Y Combinator orqali $500 000 investitsiya jalb qildi
20 yoshli o'zbekistonlik startapi uchun Y Combinator orqali $500 000 investitsiya jalb qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Buxorolik 20 yoshli tadbirkor Bahodir Rajabov AQShning San-Fransisko shahrida Surgent nomli startapni ishga tushirib, Pre-Seed bosqichida $500 000 investitsiya jalb qildi. Loyiha dasturlash ko‘nikmalariga ega bo‘lmagan kreyatorlar va tadbirkorlarga o‘z dasturiy mahsulotlarini yaratish hamda ularni monetizatsiya qilish imkonini beradi.
Investitsiya Y Combinator’ning standart SAFE shartlari asosida rasmiylashtirilgan. Sarmoya AQShning raqamli mahsulotlar monetizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi Whop platformasi tomonidan, kompaniya CEO’si Steven Shvarts orqali kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab investorlar jamoani o‘z tarkibiga qo‘shib olish (acqui-hire) formatini taklif qilgan. Biroq startap mustaqil kompaniya sifatida rivojlantirilishi belgilangan va shundan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilgan.
Bahodir Rajabov dasturlashni 14 yoshida boshlagan. U dastlab Telegram-botlar yaratgan, keyinchalik TikTok va Instagram’dan video yuklab olish imkonini beruvchi servislarni ishlab chiqqan. Ushbu loyihalar yuz minglab foydalanuvchilarni jalb qilgan. Keyingi ishlari orasida AI-yurist hamda real vaqt rejimida tarjima qiluvchi GetIntercall platformasi mavjud bo‘lib, u ko‘p tilli transkripsiya va nutq egalarini ajratish texnologiyalarini o‘z ichiga olgan.
U 16 yoshida Polshaning LeverX kompaniyasida dasturchi sifatida faoliyat boshlagan, 17 yoshida esa Gruziya kompaniyasida masofadan turib ishlagan. Keyinchalik IBM kompaniyasining GenAI jamoasida ishlaganidan so‘ng, o‘z startapini rivojlantirishga to‘liq e’tibor qaratgan va San-Fransiskoga ko‘chib o‘tgan.
Surgent platformasi foydalanuvchining g‘oyasi asosida dasturiy mahsulot yaratadi va hosting, to‘lov tizimlari, soliqlar hamda yuridik infratuzilma masalalarini o‘z zimmasiga oladi. Startap obuna modeli asosida ishlaydi va tranzaksiyalardan komissiya oladi. Shuningdek, jamoa mustaqil to‘lov infratuzilmasini ham ishlab chiqmoqda.
Hozirda loyiha ustida uch kishidan iborat jamoa ishlamoqda. Jalb qilingan mablag‘lar mahsulotni rivojlantirish, foydalanuvchilar sonini oshirish, o‘z to‘lov tizimini ishga tushirish va keyingi investitsiya bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Startapning uzoq muddatli maqsadi — 100 000 foydalanuvchiga oyiga kamida $1000 daromad topish imkonini yaratish. Surgent global bozorga yo‘naltirilgan platforma sifatida rivojlanmoqda.