2 milliard so‘mlik QQSni qaytarishning yirik sxemasi aniqlandi

2 milliard so‘mlik QQSni qaytarishning yirik sxemasi aniqlandi

2 milliard so‘mlik QQSni qaytarishning yirik sxemasi aniqlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy, Toshkent va Andijon viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida Chirchiq shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi MCHJning muqaddam sudlangan xodimi Navoiy viloyatidagi xususiy korxona ish boshqaruvchisining ishonchiga kirib, 2025-2026 yillarda 20 mlrd so‘m atrofida tovar aylanmasi bo‘lganligi to‘g‘risida qalbaki hujjatlar rasmiylashtirish orqali, mazkur korxona hisobiga byudjetdan 2 mlrd so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini soliq idoralarida ishlovchi tanishlari ko‘magida qaytarib olinishida yordam berishini aytadi. O‘z navbatida, ushbu “xizmat” haqi evaziga 340 mln so‘m talab qiladi.

QQSni korxona hisob raqamiga tushirib berish bilan bog‘liq barcha soxta amaliyotlarni uning sherigi – Andijon shahrida yashovchi, 1971 y.t. yakka tartibdagi tadbirkor amalga oshiradi.

Yaʼni, tadbirkor o‘ziga tanish bo‘lgan MCHJ va Navoiy viloyatidagi xususiy korxona o‘rtasida elektron shartnoma rasmiylashtiradi.

Ushbu shartnomaga asosan, go‘yoki qiymati 18 mlrd 670 mln so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilganligi, transport xizmati ko‘rsatilganligi va qurilish materiallari yetkazib berilganligi to‘g‘risida 10 ta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 2 mlrd so‘m QQS qaytarilishiga erishadi.

Shundan so‘ng talab qilingan pul mablag‘ini ular o‘zlarining jinoiy sheriklari – Qibray tumanida yashovchi, 1973 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1996 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, ushbu shaxslar talab qilingan 340 mln so‘mni o‘zaro taqsimlab olishlari kerak bo‘lgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling