Toshkentda Xitoy bilan energetika tizimlarini modellashtirish bo'yicha qo'shma markaz ochildi
Toshkentda Xitoy bilan energetika tizimlarini modellashtirish bo'yicha qo'shma markaz ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent davlat texnika universitetida Xitoyning Changtong Technology kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xitoy–Oʻzbekiston energetika tizimlarini va elektr taʼminotini simulyatsiya qilish qoʻshma markazi foydalanishga topshirildi.
Markaz zamonaviy kompyuterlar hamda maxsus dasturiy mahsulotlar bilan jihozlandi. Yaratilgan texnik baza elektr taʼminoti tizimlarini simulyatsiya qilish, katta hajmdagi hisoblash va tahlil ishlarini bajarish, elektr tarmoqlarining turli ish rejimlarini modellashtirish, shuningdek, taʼlim jarayonida virtual laboratoriyalar tashkil etish imkonini beradi.
Mazkur qoʻshma markaz Sharqiy-Shimoliy elektr energetikasi universiteti (NEEPU), Xitoy elektr energetikasi tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” DUK hamda Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasidagi samarali hamkorlik natijasida tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mazkur markaz energetika sohasida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan bogʻlash va elektr energetikasida raqamli modellashtirish texnologiyalarini joriy etishda muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.